Skip to Content

Peshindagi uyquga ochiq xat!

Umrimning eng shirin damlarini tortib olayotgandek ko'rinarding! O'rtoqlarim bilan eng qiziq o'yinimizning eng muhim joyida paydo bo'larding. Hamma narsaning beliga tepib,ajdarhodek komingga tortarding bizni. Sen ketganingdan keyin nima o'ynaganimizni,qayerga kelganimizni eslay olmay chalkashib ketardik. Birinchi marta so'kinganimda ham seni so'kkan bo'lsam kerak hoynahoy. Yoki unda hali so'kishni bilmasmidim? Хullas,seni yomon ko'rardim,juda yomon ko'rardim, ey Pesindagi Uyqu!

Maktabga chiqib sendan qutulganimga xursand bo'ldim. Seni unutdim. Seni shunchalik yomon ko'rganimdan, bir necha yil borligingni ham bilmay yashadim. Shunchalik xafa bo'lganman shekilli, hayotimdan butunlay o'chirib tashladim.

Universitetni bitirish arfasida seni eslagandim. O'shanda, amerikaliklarga hamma masalada havas qilish kasaliga yo'liqqanimda, Amerika markazi Nyu York shahrida sening qadring naqadar baland ekani, Nyu York markazidagi Manxetten biznes rayonida kazo-kazo ishbilarmonlar uchun"Metronaps" firmasida ish ko'rsatishing meni ajablantirgandi. Hatto o'sh firmaning rasmiy internet sahifasi ‘www.metronaps.com'da seni qanchalik maqtab yozishganiga hayron bo'lgandim. Sen bilan 20 daqiqa uchrashish uchun amerikaliklar 14 dollar to'lashayotganini o'qib ko'zlarimga ishonmadim.

Garchi meni butunlay tashlab ketgan bo'lsang-da,oxirgi vaqt seni tez-tez uchratadigan bo'lib qoldim. Оxirgi uch yil Xitoyda ishladim, u yerdagilarning seni har kuni kanda qilmay ziyorat qilishlari meni lol qoldirdi. Hatto obro'li tashkilotlarning rasmiy odamlari qabuligф kirganimda ham, xonaning bir chekkasida sening asbob-uskunalaring - yig'ma kravot va yumshoq yostiqqa ko'zim tushardi. Tushlikdan keyin ish yuzasidan birorta xitoylikni topa olmay qiynalganimda, ularning ofislari ichidan qulflangan, telefonlari o'chirilgan ekanini ko'rganimda, hammasining sen bilan diydorlashayotganini sezdim. Ular-ku mayli, hatto ofisi va krovati yo'q ko'chadagi oddiy ishchilar ham sen kelganingda yerga uzala tushib (edited)ib olishlari havasimni keltira boshladi. Shuncha vaqt bunga e'tibor bermagan ekanman, balki Xitoyning bu qadar tez sur'atda rivojlanayotganiga ularning senga bo'lgan katta hurmati sababdir, ey Peshindagi Uyqu?!

Yaqinda Gretsiyada tadqiqot o'tkazishibdi."Si-En-En"ning xabar berishicha, 23 ming kishi ishtirok etgan tadqiqot sening mijozlaringda yurak ishlashi yaxshilanganini ko'rsatgan. Peshinda uxlab olgan odam bilan peshinda uxlamagan odamning farqi katta bo'lishini hatto g'arb ham tan ola boshladi, shunchalik obro'ying oshib ketdimi?

O'sha greklarning aytishicha, yurakning yaxshilanishidan tashqari, sen ish unumini ham oshirganing va asabiylashish holatlarini ham keskin kamaytirganing kuzatilgan. Men esa qadringga etmabman, seni bekor ranjitibman! Sen-ku mayli, sal qolsa Tungi Uyquni ham butunlay quvib solmoqchi edim. Bitta amerikalik olimning gapiga qaraganda,"tundagi uyqu bizga g'or davridagi odamlardan qolgan meros" emish. Go'yoki g'or davridagi odamlar kechasi tashqariga chiqishsa, yovvoyi hayvonlarga em bo'lishdan qo'rqib, qorong'u tushishi bilan g'orlarga berkinib olishgan va o'zlarini uxlashga majbur qilishgan ekan. Shuning asoratida bugungi odamzod kechasi uxlashga odatlanib qolganmish. "Bugun kechasi bizga xavf soladigan yovvoyi hayvonlar yo'q. Sekin –asta bu yomon odatdan qutulishimiz va o'zi shundoq ham qisqa umrimizning yarmini uyquga sarflamay, uni butunlay yo'qotishimiz mumkin" deb yozgandi o'sha olim. Men sodda, uning gapiga ishonib, o'zimni majburlab, ikki hatto uch kun kechasi uxlamay ko'rdim. Ammo bu kunduzgi qiladigan ishlarimga salbiy ta'sirini o'tkazganidan keyin fikrimdan qaytdim. Alloh bizga kechani "o'rab olguvchi bir libos", undagi uyquni esa "badanlarimiz uchun bir orom" qilib qo'ygan Zot (Furqon,47) ekanini anglab yetib, amerkalik to'qima olimning fikri safsata ekanini o'z vaqtida anglab etdim.

Endi bildim, seni ko'pchilik yaxshi ko'rar ekan! "Time" jurnalida biznesmenlarning yolg'on gapirishi haqida maqola o'qigan edim. O'sha maqolada"Peshindan keyin"uchrashuvdaman"degan biznesmenlarning aksaryati o'z xonasida yostiq bilan uchrashayotgan bo'ladi" deb yozilgandi. Qara, qanchalik mashhursan! Internetni titkilab sening zamonaviy Ispanya madaniyatida ham katta o'rin tutishingni o'qidim.

Ishqilib bu o'rta asrlardagi Andalusiyaning Islom bilan aloqasiga borib taqalmasin-da, bo'lmasa seni haydab solganim uchun o'zimni kechira olmay qolaman.Yo'q, shunaqa ekan! Hatto Payg'ambarimiz (s.a.v.) ham men yaxshi ko'radigan bomdoddan keyingi uyquni emas, seni targ'ib qilgan ekanlar! Katta-katta olimlar tungi ibodatni yaxshi o'tkizish uchun sening xizmatingdan foydalanishgan ekan! Eh,qayerdan ham seni xafa qildim-a,Peshindagi Uyqu?

Mashxur odamlardan Tomas Edison butun umr seni kanda qilmagani, Uinston Cherchill esa hatto ikkinchi jahon urushi davrida ham har kuni sen bilan uchrashib turgani endi yaramga tuz sepgandek bo'lyapti, ey Peshindagi Uyqu! Cherchill hatto "Peshindagi Uyqu mening vaqtimni kamaytirmaydi, ko'paytiradi - bir kunda men ikki kun yashagandek bo'laman!" deb aynan menga qarata aytgan bo'lsa kerak. Men esa seni eng qadrli vaqtimni tortib olishda nohaq ayblagan ekanman!

So'nggi yillarda texnika rivojlangani sayin vaqtimiz kamayib borayotgani sezilmoqda. Odamlar kechasi uxlagani yotgani ham yonida telefonini hech qachon o'chirmayapti, o'sha amerikaliklar ta'tilga chiqishsa ham, kichik kompyuterlarni o'zlari bilan olib ketishmoqda. Uyqu zamonaviy odam uchun noyob narsaga aylangan, uyquga berilib ketish esa kamchilik sifatida qaraladigan bo'lib qolgan. Ammo baribir sening ahamiyating beqiyos ekanini hech kim inkor qilayotgani yo'q. Nyu Yorkni qo'yib turing, hozir dunyoning ko'plab mamlakatlaridagi zamonaviy tashkilotlar ham o'z binolarida alohida "Peshindagi Uyqu" xonalari tashkil eta boshlashibdi. Eng qizig'i, peshindan keyin biroz uxlab olishga mo'ljallangan bu xonalar "uyqu xonasi" emas, "kuch xonasi" (Power room) deb atala boshlanibdi. "Chunki bu xonalar kuch beradi, peshindan keyin birov uxlab olish ish unumini oshiradi", deyishmoqda ekan dono ishbilarmonlar.
Kechir meni, ey Peshindagi Uyqu! O'z vaqtida qadringga yetmaganim uchun, seni haydab solganim, yoshlik davrimda sendan unumli foydalanmaganim uchun kechir!

Sen bilan endi-endi tanisha boshlayotgan o'g'lim haqqi xurmati qayt! Uninig “Men peshindagi uyquni yomon ko'raman!" degan gaplariga e'tibor berma! U hali yosh bola, nima deyayotganini o'zi bilmaydi.

Men seni yaxshi ko'raman. Vaqtida qadringga yetmadim. Qaytaqol! O'tinib so'rayman! Rejalarim katta. Bir kunda ikki kun yashamoqchiman, ishlarimning unumli bo'lishini xohlayman, balki kechasi ibodatga turishim uchun ham yordam berarsan. Sensiz bularning birortasini bajara olishimga ko'zim yetmayapti. Iltimos qayt, ey Peshindagi Uyqu!
"Odamlar orasida"gazetasidan olindi.