Skip to Content

Hadislar tarixini o'rganamiz.

Hadis to’plashda turli xil o’lkalarga safarlar va ushbu yo’lda chekilgan mashaqqatlar to’g’risida
Hadis va unga tegishli bilimlar ilk bor Madina shahrida vujudga keldi. Ushbu muborak shahar bir qancha vaqtlar hadis ilmi uchun “markaz” vazifasini o’tadi. Shuning uchun ham uning “Sunnat vatani”, deb nomlanishi bejiz emas. Islom diyori kengayib olimlar turli o’lkalarga tarqab ketishdi. Deyarli barcha o’lkalarda mashhur roviylar etishib chiqdiki, bu esa hadis bilan qiziquvchilarni o’z diyorlarida mavjud hadislar bilangina cheklanib qolmaslikka undadi va ko’pchlikda yangi- yangi hadislarni izlab topish uchun turli xil o’lkalarga safar qilish rag’bati uyg’ondi. Bu narsa hijriy birinchi asrda boshlanib, ushbu ishga bel bog’laganlardan sahoba Abu Dardo r.a hisoblanadi. Quyida u kishini bunday degani naql qilingan: “Agarda menga Qur’onning birgina oyati tushunarsiz bo’lib qolsa-yu, buni menga faqat dunyoning narigi chekkasidagi bir kishi tushuntirib bera olishidan xabar topsam, shubhasiz uning oldiga borgan bo’lardim”. Sahoba Jobir ibn Abdulloh al- Ansoriy r.a.ning Abdulloh ibn Unays r.a.dan qasos to’g’risida payg’anbar a.s. aytgan birgina hadisni bilib olish uchun tuya sotib olib, uni yuklab, bir oy yo’l yurib Madinadan Shomga kelgani naql qilingan. Birgina bilimni oshirishga bo’lgan qiziqish hadis izlab topish uchun safar qilishlikka turtki bo’lmadi, balki hadis bilan qiziquvchining o’sha xabar topgan roviysiga nisbatan ishonchi ham muhim o’rin tutdi. (Chunki roviylar to’g’risida ma’lumotga ega bo’lish ham yarim bilim hisoblanardi). Ali ibn al- Madiniy shunday deydi: “Hadis bilan qiziquvchi ushbu sayohatchi kishilar to’g’risida shunday deyilgan: “Ularni na faqirlik bu yo’ldan to’sa oldi, na safar mashaqqatlari-yu, xavf- xatarlari ularning shashtini sundira oldi. Ularga na sahroning jazirama issig’i-yu, na dengizning jo’sh urib turgan to’lqini ta’sirini o’tkaza oldi. Chunki birgina – ilm izlash bu jihod bilan teng, kimda kim ushbu yo’lda o’lim topsa, shahid ketadi, degan e’tiqod ularning qon- qoniga singib ketgan edi”. Shubhasiz, ushbu xayrli ish ilmiy jihodning bir ko’rinishidir. Chunki mashaqqatlarga matonat bilan bardosh berish jangda kurash tushishdan og’irroq.
Taassufki, ushbu ishni o’ziga tirikchilik manbai qilib olgan kishilar ham bo’lishgan. Yaqub ibn Ibrohim ibn Sa’d Abu Hurayra r.a. naql qilgan- payg’ambar a.s.ning oqmaydigan suvga najosat tushganda undan foydalanishdan qaytarganliklari to’g’risidagi hadisni yodlab olib, uni faqat bir dinor pulga rivoyat qilgani naql qilingan. Olimlar bu kabi shaxslarni qattiq qoralashgan. Shuning uchun ba’zi bir roviylar hatto hadya olishga ham botina olishmagan. Muhammad ibn Hajjoj shunday naql qiladi: ”Bir kishi Hammod ibn Salama to’g’risida eshitib qolib, kemaga o’tirib uning oldiga keldi va unga hadya berdi. Hammod unga “Tanla, xohlasang hadyangni olib senga umuman hadis aytib bermayman, xohlasang hadis aytib beraman-u, hadyangni olmayman”, dedi. Shunda u mayli, hadyamni olmay qo’ya qol, faqat hadis aytib bersang bo’lgani, dedi va hadyasini qaytarib oldi. Hammod esa unga hadis rivoyat qilib berdi”.

Safar natijalari, yutuqlari
Ushbu qilingan safarlar o’zining samarali va o’lkan natijalarini berdi:
1. Bir- biridan juda uzoqda joylashgan islom o’lkalari bamisoli bir shaharga aylandi. Hadis bilimdonlari istiqomat qiluvchi shaharlar o’ziga ilmi toliblarni jalb qiladigan bo’ldi va birgina shaharda son- sanoqsiz olimlar to’planishardi.
2. Sochma holda bo’lgan hadislarning to’planishiga sabab bo’ldi. Hadis bilimdonlarining turli o’lkalarga tarqab ketgani va hadislarning bir yerda jam holda bo’lmagani kishilarning islomni tushunish borasidagi fikrlarining turlicha bo’lishiga olib kelgan edi. Bu hol uzoq davom etmadi. Safar natijalari o’z samarasini berdi va hadislarning jamlanishi ma’lum miqdorda fikrlarning yakdillashuviga olib keldi.
3. Shuningdek, e’tiqod va qonunshunoslik (fiqh) masalalari bo’yicha fikrlarning yakdillashuviga sabab bo’ldi.

Hadislarni o’rganuvchi ilm dargohlari
Oldin hadislar bir necha asrlar mobaynida o’rganilgan bo’lsada, maktab, madrasa tizimi shaklida o’rganilmagan, og’zaki bir- biriga naql qilib berish shaklida o’rganilgan. Hijriy oltinchi asrga kelib hadislarni tadqiq qiluvchi va ularni o’rganuvchi ilm markazlari tashkil qilindi. Hadis bilan shug’ullanuvchi birinchi ilm dargohi 569 h.y. Damashqda Nuriddin Mahmud Zankiy tomonidan tashkil qilindi va ushbu dargoh “Nuriy madrasasi” nomini oldi. Uning sharafli o’qituvchilaridan “Damashq tarixi” nomli asar muallifi Ibn Asokir (Abul Qosim Ali ibn al- Hasan ad- Dimashqiy ash- Shofe’iy)ni ko’rsatish mumkin. Keyinchalik, Maqriziy (xv asr adab tarixchisi) o’z qo’lyozmasida naql qilishicha, Shoh Komil Nosiriddin al- Ayyubiy 622 h.y. Qohirada boshqa bir madrasa ta’sis etdi va uning mashhur mudarrislaridan Abu al- Xattob ibn Dahya (Umar ibn al- Hasan al- Andalusiy) hisoblanadi. So’ngra Damashqda yana bir madrasa- Ashrafiya madrasasi 626 h.y.da ta’sis etildi. Ushbu madrasaning faxrli mudarrislaridan Ibn as- Saloh (Abu Amr Taqiyiddin Usmon ibn Abdurahmon al- Kurdiy ash- Shahrazuriy) sanalsa, uning faxrli talabalaridan Imom Navaviy (Muhyiddin Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf an- Navaviy) hisoblanadi. Shuningdek, keyinchalik Damashq va boshqa ko’plab shaharlarda hadis ilmi bilan shug’ullanuvchi madrasalar tashkil qilindi, ammo ular yuqoridagi madrasalar kabi shuhrat topmadi.

Muhaddislarga beriladigan unvonlar, ilmiy darajalar
1”Mubtadi’ ” - ushbu unvon hadisni “sanad” qismi va undagi roviylari haqida, hamda hadisning “matn” qismidagi kamchiliklar va nuqsonlar, shuningdek hadis matnining ma’nolari to’g’risida bilimga ega bo’lmagan, ammo hadisni sanad qismi bilan rivoyat qiladigan kishiga beriladi. Ushbu unvon yana “Tolib” yoki “Musnad”, deb ham nomlanadi.
2 “Muhaddis”- ushbu unvon darajasini belgilashda olimlar turli hil fikrlar bildirishgan. Ba’zilari ushbu unvonni oily unvon bo’lishini istab murakkab shartlar qo’yishgan bo’lsa, ba’zilari unga sodda shartlar qo’yishgan. Shubhasiz, ushbu unvonga erishgan kishi boshqa unvon sohibi bilan darajasi teng bo’lib qolsada, ammo shuni ham inobatga olish lozimki, vaqt o’tishi bilan boshqa bir davrda darajasi farq qilishi mumkin.
Tojiddin Subkiy (“Muhaddis” unvoniga erishgan kishi) ushbu unvon shartlarini quyidagicha belgilaydi: “ “Sanad”, undagi nuqson- kamchiliklar, roviylarning ismlari haqida ma’lumotga ega bo’lish va shunga tegishli juda ko’plab hadislarni yoddan bilish, shuningdek, olti ishonchli to’plam (Imom al-Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom at-Termiziy, Imom an-Nasoiy, Imom ibn Mojalarning asarlari), Imom Ahmadning “Musnad” asari, Imom Bayhaqiyning “Sunan” asari, Imom at-Tabaroniyning “Mu’jam” asaridagi hadislardan xabardor bo’lish, hamda ming bob miqdorida boshqa hadislardan ham xabardor bo’lish lozim. Bu ushbu unvonning eng quyi darajasi va oson shartlari”. Abu-l-Fath ibn Sayyid an- Nos “Muhaddis” darajasi haqida quyidagicha fikr bildirgan: “Bizning davrimizda “Muhaddis” unvoniga ega bo’lish uchun kishi hadis bo’yicha naqliy va ilmiy jihatdan tadqiqot ishlari bilan shug’ullangan, o’z davrida mavjud roviy va rivoyatlar to’g’risida ma’lumotlarga ega bo’lishi kerakki, ushbu soha bo’yicha o’z zamondoshlari orasida mashhur va xotirasi o’tkir, deb nom taratgan bo’lishi lozim”.
3 “Hofiz”- ushbu unvonning shartlarini belgilashda ham olimlar turli fikrlar bildirishgan. Jamoliddin al- Muzziy fikricha bunga, u ma’lumotga ega bo’lgan roviylari adadi ma’lumotga ega bo’lmagan roviylari adadidan ko’p bo’lgan kishi haqli bo’ladi.
Abu Fath ibn Sayyid an- Nos fikri ham shunga yaqin, ya’ni, “Muhaddis” darajasidan ko’tarilib, roviylar silsilasidagi har bir “tabaqa”da shu darajada ma’lumotga ega bo’lishi kerakki, u bilgan roviylari soni bilmaganlari sonidan yuqori bo’lsin.
Ba’zi olimlar fikricha, ushbu unvon yuz mingta hadisni roviylari (ular haqidagi ma’lumotlari bilan) va ularning “sanad” qismi bilan bilgan kishiga beriladi.
4 “HUJJAT ”- “Hofiz” unvoniga erishgan va omilar doirasida bo’ladimi, olimlar doirasida bo’ladimi o’zining o’tkir zehni va biron marta ham pand bermagan aniq xotirasi bilan dong taratgan kishiga beriladi.
5 “Hokim”- ushbu unvon butun mavjud hadislarni “sanad” qismi, “matn” qismi, tarixi, roviylari to’g’risidagi ma’lumotlari va ushbu sohaga tegishli barcha bilimlari bilan yoddan biladigan kishiga beriladi.
“Muhaddis” unvoniga erishgan kishilar:
1. Hoshim ibn Bashir ibn Abu Hozim Qosim al- Vositiy (vafoti 183 h.y)
2. Ahmad ibn Marvon al- Molikiy (“Majlis” kitobi muallifi, vafoti 293 h.y)
3. Ahmad ibn Hajar al- Haytamiy (vafoti 973 h.y)
“Hofiz” unvonini olgan kishilar:
1. Abdurahmon ibn Mahdiy (vafoti 198 h.y)
2. Ibn Abu Hotim ar- Roziy (vafoti 327 h.y)
3. Ibn Asokir Ali ibn al- Hasan Abul Qosim (vafoti 571 h.y)
“Hujjat”- unvonini olishga muvaffaq bo’lgan kishilar:
1. Husayn al- Muallim ibn Zakvon (vafoti 145 h.y)
2. Hishom ibn Urva ibn az- Zubayr (vafoti 146 h.y)
3. Abu Nuaym al- Jurjoniy al- Astrabodiy Abdulmalik ibn Muhammad (vafoti 323 h.y)
“Hokim”- unvoni sohiblari:
1. Besh ishonchli to’plamlarning mualliflari-Imom al-Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom at-Termiziy, Imom an-Nasoiylar. Imom ibn Moja esa “Hofiz”darajasiga erishgan.
2. Abu Abdulloh al- Hokim an- Naysoburiy Muhammad ibn Abdulloh (Ibn al- Bayyi’ nomi bilan mashhur, vafoti 405 h.y)
3. Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir at- Tabariy (vafoti 310 h.y)